close
Kontent qismiga oʻtish

Gyoteborg

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Gyoteborg, Yyoteborg (got qalʼasi; germanlarning got qabilasi nomidan) — Shvetsiyaning jan.-gʻarbidagi shahar. Gyota-Elv daryosining Kattegat boʻgʻoziga quyilish joyida. Gyoteborg-Boxus lenining maʼmuriy markazi. Aholisi 433 ming kishi (1997, shahar atrofi bilan 761 ming kishi). Gyoteborgga XVII asr boshida asos solingan. XVIII—XIX asrlarda tashqi savdo shahri sifatida tez oʻsdi. XVIII asr oxirida Gyote kanali qazilgach, Gyoteborgning transport mavqei yanada yaxshilandi. Gyoteborg aholisining soni va sanoat mahsuloti i. ch. boʻyicha Shvesiya poytaxtidan keyin 2-oʻrinda. Gyoteborg portining yillik yuk ortib tushirishi 25 mln. t Temir yoʻl va suv yoʻllarining muhim tuguni. Asosiy sanoat tarmoklari: mashinasozlik (jumladan avtomobilsozlik), metallsozlik, kemasozlik (mamlakatda quriladigan kemalarning 2/3 qismi), toʻqimachilik sanoatlari. Elektrotexnika uskunalari, sharikli podshipniklar, dizel dvigatellari va turli xil mashinalar ishlab chiqariladi. Ip gazlama, trikotaj, tikuvchilik fabrikalari, neftni qayta ishlovchi zavod; universitet, politexnika va savdo institutlari, muzeylar, sobor (1802—15-yillar) bor. Har yili xalqaro sanoat yarmarkalari oʻtkazib turiladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil