Halqum
Halqum — ogʻiz boʻshligʻini qiziloʻngach bilan tutashtiruvchi meʼda-ichak yoʻlining oldingi qismi boʻlib, shakli egri naysimon shaklda. Orqa yuzasiga qarab yassilangan, pastki qismiga qarab toraygan boʻladi. Yutinish vazifasini bajaradi va nafas olishda ishtirok etadi. Halqum devorlaridan oʻpka, shuningdek, ayrisimon, qalqonsimon bez, qalqon oldi bezlari rivojlanadi. Halqumning uzunligi 12-14 sm. Halqum burun va ogʻiz boʻshligʻining davomi boʻlib, pastdan hiqildoq va yevstaxiy naylari orqali oʻrta quloqdagi nogʻora boʻshligʻi bilan tutashadi. Halqumning old devori deyarli boʻlmaydi. Halqumdan oldin burun, ogʻiz boʻshligʻi va hiqildoq joylashadi. Shuning uchun halqumning yuqorigi — burun yoki burun-halqum qismi, oʻrta — ogiz qismi va pastki — hiqildoq qismlari ajratiladi. Burun-halqum qismi burun va oʻrta quloq boʻshligʻi bilan, ogʻiz qismi tomoq teshigi orqali ogʻiz boʻshligʻi bilan, hiqildoq qismi esa hiqildoq bilan tutashadi. Halqumning hiqildoq qismi hiqildoqning orqa tomonida joylashgan, uning oldingi va orqa devorlari faqat ovqat yoki suyuqlikni yutish paytida bir-biridan uzoqlashadi, boshqa vaqtda esa bir-biriga tegib turadi. Halqum orqa devorining yuqori qismida, oʻrta chiziq boʻylab limfa toʻqimasidan tuzilgan halqum murtagi joylashgan. Burun-halqum qismining harakatsiz yon devorlaridan oʻrta quloqqa olib boruvchi eshituv nayi boshlanadi. Shu joyda eshituv nayi teshigi bilan yumshoq tanglay chodiri oraligʻining oʻng va chap tomonida limfa toʻqimasidan tuzilgan nay murtagi bor. Halqum murtagi, 2 ta nay murtak, 2 ta tanglay va til murtaklar birgalikda halqumning kirish qismini halqaga oʻxshab oʻraydi. Halqum devorining xususiy plastinkasi siyrak biriktiruvchi toʻqimadan iborat boʻlib, juda koʻp elastik tolalar tutadi. Bu plastinka kalla suyagining tashqi asosiga tutashadi, shu sababli, halqum burun qismining orqa va yon devorlari bir-biriga yaqinlasha olmaydi va havo burundan bevosita halqumning burun qismi orqali hiqildoqqa oʻtadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑
„Halqum“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (H-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.
| Tibbiyotga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |
